Yangiliklar

“Zamin Eco-Education” nomli yangi keng ko‘lamli loyiha taqdim etildi

“Zamin” fondi ekologik ta'limni zamonaviy turmush tarzining muhim asosi deb biladi. Shu munosabat bilan fond atrof-muhit borasida mas'uliyatli avlodni tarbiyalash imkonini beruvchi loyiha — “Zamin Eco-Education” dasturini ishlab chiqdi va uni amalda tatbiq etishga kirishdi.

Eko-ta'lim atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy va iqtisodiy muammolar o‘rtasidagi bog‘liqliklarni tahlil qilish imkonini beradi. Bu atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga, jamoat tashkilotlarini jalb qilishga undaydi. Eko-ta'lim nafaqat barqaror rivojlanish strategiyasini amalga oshirishdagi muhim omil, balki samarali ekologik siyosatning asosi hamdir.

Dastur bir nechta mustaqil tarkibiy qismlarni o‘z ichiga oladi:

·        “Zamin” va Ekologik ta'lim fondi (ETF, Daniya Qirolligi) hamkorlikda amalga oshirayotgan “Eco-Schools” xalqaro dasturi.
·        UNESCO va UNEP tomonidan tan olingan va qo‘llab-quvvatlanayotgan «Green Key» xalqaro dasturi. Ushbu dastur ham ETF bilan birgalikda amalga oshiriladi.
·        «Earth School» xalqaro dasturi. Bu yerda fondning sheriklari sifatida UNEP va mashhur “Ted-Ed” ta'lim dasturi ishtirok etishadi.
— Afsuski, Yer sayyorasi umumiy uyimiz ekanini ko‘p zamondoshlarimiz yodidan chiqarib qo‘yyapti. Odamzod yillar davomida tabiatdan oqilona foydalanmagani oqibatini butun dunyoda, har kuni ko‘rib turibmiz. Tabiat insoniyatga yana-da og‘ir jazo berishini kutmay, muammolarga yechim topish – har birimizning qo‘limizda. Ushbu masala bizga, sizga, barchamizga bog‘liq, — dedi “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva o‘z nutqida.

Shuningdek, “Zamin Eco-Education” loyihasi hamkorlari — Ekologik ta'lim fondi bosh direktori Deniel Shaffer, BMTning Atrof-muhit dasturi bo‘yicha Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Bruno Pozzi va “Zamin” fondi Vasiylik kengashi a'zosi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining Ilmiy-tadqiqot instituti loyiha rahbari Zinoviy Novitskiy ham tadbir ishtirokchilariga murojaat qildilar.

Dastur umumta'lim maktablarida UNICEF bilan hamkorlikda sanitariya va gigiena bo‘yicha va BMT FAO bilan hamkorlikda to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha bir nechta ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazishni ham nazarda tutadi. “Zamin Eco-Education” doirasida bolalar eko-oromgoh, eko-festivallar, davra suhbatlari va konferensiyalarda ishtirok etadilar.

Taqdimot davomida loyihaning elektron sahifalari ochilishi e'lon qilindi: facebook.com/zamineco; instagram.com/zamineco; t.me/zamineco.

Tadbirda ishtirokchilar birinchi yirik dastur — “Eco-Schools” doirasida erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdilar. “Zamin” fondi ETF’ning rasmiy a'zosiga aylandi va “Eco-Schools Uzbekistan” loyihasini amalga oshirishni zimmasiga oldi. ETF dasturi 25 yildan beri mavjud. Shu vaqt ichida u 70 mamlakatdagi 60 mingga yaqin maktabni qamrab oldi. Bugungi kunga qadar ushbu loyihaga 15 ming bola va 1,5 ming maktab xodimlari jalb etilgan.

Shu kunning o‘zida Ziroat Mirziyoyeva Nukus shahridagi 4-sonli ixtisoslashtirilgan kar va eshitish qobiliyati zaif bolalar maktab-internatiga tashrif buyurdi. 
Eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ta'limni rivojlantirish dasturi doirasida bu yil maktab zamonaviy FM-tizimlari, nutqni rivojlantirish uchun mashg‘ulot uskunalari kabi maxsus yordamchi uskunalar bilan jihozlanadi. Barcha o‘quvchilar eshitish qobiliyati diagnostikasidan o‘tkazildi, uning natijalariga ko‘ra maktabga 204 ta eshitish apparati ajratiladi va koxlear implantatsiyalar o‘tkaziladi. Shu yo‘l bilan, bolalar uchun ta'lim va hayotni idrok etish sifati sezilarli darajada yaxshilanadi.

Nukus shahridagi maktab bilan bir qatorda yana 7 ta viloyatlardagi maktablar yordamchi uskunalar bilan ta'minlanadi:

·        Andijon viloyat ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
·        Andijon shahar 17-ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
·        Buxoro viloyat 123-ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
·        Jizzax 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
·        Jizzax 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
·        Namangan 46-ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
·        Farg‘ona 90-ixtisoslashtirilgan maktab-internati.