Yangiliklar

“Zamin” fondi O‘zbekistonda eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun taʼlimni rivojlantirish dasturini taqdim etdi

Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida “Zamin” fondi mamlakatning ixtisoslashtirilgan muassasalaridagi besh ming nafarga yaqin eshitish qobiliyati zaif o‘quvchilar uchun taʼlimni rivojlantirish dasturini taqdim etdi. Loyihaning maqsadi — o‘qitishning yangi usullarini joriy etish, maktab-internatlar infratuzilmasini takomillashtirish.
 
«Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida “Zamin” fondi eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun taʼlimni rivojlantirish dasturini taqdim etmoqda. Loyiha doirasida jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan o‘quvchilarning eshitish qobiliyatini tiklash ustida ish olib boriladi. Bu degani, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan bolalar mehribon onajonisi, g‘amxo‘r otasining ovozlarini, atrof-borliqdagi tovushlarni, musiqa ohanglarini eshita oladi, to‘laqonli hayot kechiradi.
 
“Zamin” fondi, jismoniy holatidan qatʼi nazar, barcha bolajonlarga quvonch ulashishga tayyor. Zero, siz ko‘zimiz quvonchi, bizning ertamiz va hayotimiz mazmunisiz», — dedi Fond vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva.
 
Eshitish qobiliyatining qisman yoki to‘liq yo‘qolishi odamlarni muhim maʼlumot manbaidan mahrum qiladi va intellektual rivojlanish jarayonini cheklaydi. Aksariyat holda imkoniyati cheklangan bolalar qator qiyinchiliklarga duch keladilar, ulardan biri to‘laqonli taʼlim olish imkoniyatining yo‘qligidir.
 
Dastur uch bosqichdan iborat:
 
1. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni zamonaviy assistiv uskunalar bilan jihozlash
 
Maktablar xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy assistiv (qo‘shimcha) uskunalar, jumladan, guruh mashg‘ulotlari uchun audio-sinflar, individual mashg‘ulotlar uchun nutq simulyatorlari, kelgusi taʼlim jarayonida foydalaniladigan audiometrlar va statsionar ovoz kuchaytirgichlari bilan jihozlanadi.
 
2. O‘qitish usullarini takomillashtirish
 
Eshitish qobiliyati zaif bolalar maxsus maktablaridagi joriy o‘quv dasturlarini har tomonlama tahlil qilish rejalashtirilgan. Buning uchun loyiha tashkilotchilari O‘zbekiston Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda yetakchi xalqaro ekspertlik institutlari va ularning mutaxassislarini jalb qiladilar. Ixtisoslashtirilgan maktablarda zamonaviy yordamchi texnologiyalardan foydalangan holda taʼlim metodikalari joriy etiladi.
 
3. Maktab yoshidagi bolalar uchun koxlear implantatsiya
 
Dasturning muhim qismi har yili 30 nafar maktab yoshidagi bolalarga koxlear implantatsiya jarrohlik amaliyotini bepul o‘tkazish bo‘ladi. Shuningdek, ushbu bosqich keyingi reabilitatsiya va bolalar jamiyatga singib ketishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishni o‘z ichiga oladi.