Yangiliklar

“Zamin” Fondi O‘zbekistonda yordamga muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlashga mablag‘ yo‘naltirdi

Jamiyatimizning ekologiya, sog‘liqni saqlash, innovatsion texnologiyalar va jamoatchilik huquqi sohasidagi mutaxassislardan iborat tashabbuskorlar guruhi “Zamin” xalqaro jamoat fondini tuzdi.

Fondning strategik maqsadi mamlakat barqaror rivojlanishi va aholi turmush darajasini oshirishga hissa qo‘shishdir.

Yaqin kelajakda Fond atrof-muhitni muhofaza qilish, eshitish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalar taʼlimini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator davomli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Fond loyihalari jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya badallari, shuningdek xalqaro tashkilotlarning grantlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Hozirgi, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin davrida hammamiz og‘ir sinovdan o‘tyapmiz. Bunday vaziyatda mehr-shafqat, o‘zaro yordam va g‘amxo‘rlik har qachongidan ham muhimdir. Qiyinchiliklarni faqat birgalikda va hamjihatlikda yengishimiz mumkin. Aynan shu bois, Ziroat Mahmudovna Mirziyoyeva raisligidagi vasiylik kengashi Fond loyihalari mablag‘ining bir qismini og‘ir ahvolda qolgan ayollar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirishga qaror qildi.

“Xavfsiz va o‘z vaqtida berilgan ushbu yordam qiyin kunlarda umidsizlikka tushib qolganlarga umid baxsh etsin, mehr va muruvvat oyi bo‘lmish muqaddas Ramazon oyida ularning oilalariga va yaqinlariga iliqlik, quvonch va tabassum hadya qilsin”, — taʼkidladi mamlakat birinchi xonimi.

“Zamin” fondi Vatanimizning barcha hududlaridagi moliyaviy yordamga o‘ta muhtoj besh ming ayolga jami besh milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirdi.