Yangiliklar

«Yashil zamin» ekologik loyihasi ishga tushirilmoqda

«Zamin» fondi o‘z oldiga bir nechta keng ko’lamli maqsadlarni qo’ygan:

o O‘zbekiston shaharlari va viloyat markazlari atrofida yashil to‘siqlar yaratish – atmosfera ifloslanishi va shovqinga qarshi himoya yaratish hamda barqaror va yuqori hosildorlikni saqlab qolish uchun.

o Toshkent shahrini ko‘kalamzorlashtirishga tizimli yondashuvni joriy etish va uning darajasini shaharda farovon yashash ko‘rsatkichiga yetkazish.

o Jamoat yashil hududlari va hiyobonlarni asrab qolish va qayta tiklash hamda yangilarini yaratish.

o Shaharni ko‘kalamzorlashtirish normativlarini takomillashtirish, mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlash.

o Shaharni ko‘kalamzorlashtirish jarayonini raqamlashtirish. Daraxtlarni hisobga olishning zamonaviy raqamli usullarini qo‘llagan holda bosqichma-bosqich milliy daraxtlar reyestrini tuzish. Shaharning ko‘kalamzorlashtirilganlik darajasi, sifat va miqdoriy tarkibi, daraxtlar turlari va ularni ekish metodologiyasi, ko‘chat ekish uchun mavjud bo‘sh yerlarni aks ettiruvchi onlayn axborot platformasini yaratish.

o Jamoat organlari, shaharni ko‘kalamzorlashtirish va jamoatchilik bo‘yicha mutaxassislar hamda davlat tuzilmalari sa’y-harakatlarini birlashtirish.

«Yashil Zamin» loyihasi hamkorlari: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi.