Yangiliklar

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Toshkent shahrida O‘zbekistondagi gospital turdagi birinchi maktab - «Mehrli maktab»ga tashrif buyurdi

Bugun mehrli maktabga Ziroat Mirziyoyeva tashrif buyurdi. Bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, pedagog va ota-onalarga dalda so‘zlarini izhor qildi, bolajonlar bilan dildan suhbatlashdi. 

Maktabning vazifasi - uzoq vaqt davolanayotgan hamda oddiy maktab yoki bog‘chaga borish imkoniyati bo‘lmagan bolalarning sifatli va uzluksiz ta’lim olish huquqini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishdir. Maktab bolaning to‘laqonli reabilitatsiya bo‘lishi, moslashishi va ijtimoiylashiga, bu jarayonda ota-onalar ham qatnashishiga xizmat qilmoqda.
Gospital maktab uchun pedagog va psixologlar tanlov asosida tanlab olingan, ular gospital pedagogika bo‘yicha maxsus treninglardan o‘tgan. 

Bolalardagi immunitet tanqisligini hisobga olib, maktab o‘ziga xos tibbiy talablarga muvofiq jihozlangan, gipoallergen materiallar bilan ta’minlangan. O‘quv jarayonida faqatgina elektron darsliklar va har bir o‘quvchiga alohida biriktirilgan kitoblardan foydalanilmoqda.
Maktabda Zamin Creative ijod studiyasi ham ochilgan. Unda bolalar musiqa, tasviriy san’at va mediadan saboq olmoqda. IT-laboratoriya va sensorli xona ham bor. 

Shu bilan birga, maktab to‘siqsiz muhit yaratish uchun moslashtirilgan o‘quv dasturlari, gospital pedagogika sohasida o‘qituvchilarning malakasini oshirish modullari ishlab chiqiladigan va yaratiladigan metodologiya markazi sifatida ham xizmat qilmoqda.