Yangiliklar

2020-yilda “Zamin” fondi koʼmagida koxlear va suyak implantlarini oʼrnatish boʼyicha 36 ta jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi

Eshitish qobiliyati toʼliq yoʼqotilishining eng keng tarqalgan holati ichki quloq chigʼanogʼining shikastlanishidir. Bugungi kunda bunday tashxis qoʼyilgan insonlarda reabilitatsiya va eshitish qobiliyatini tiklashning yagona usuli koxlear implantatsiya hisoblanadi.
 
JSST ning tavsiyasiga koʼra, ushbu implantlarning mavjudligini taʼminlash, eshitish apparatlari bilan bir qatorda, ustuvor yoʼnalishlardan biri boʼlib, eshitish qobiliyatini yoʼqotganlar uchun katta ahamiyatga ega.
 
2020-yilning 1-iyunida "Zamin" fondi eshitish qobiliyati zaif va kar bolalar ixtisoslashtirilgan maktab oʼquvchilari uchun koxlear implantlarni oʼrnatish boʼyicha har yili 30 ta jarrohlik amaliyotini oʼtkazishni nazarda tutuvchi dastur ishga tushirilganini eʼlon qildi. Dastur doirasida iyun-noyabr oylari davomida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 200 nafar oʼquvchilariga kompleks tashxis koʼrigi oʼtkazildi.
 
Kompleks tashxis ko‘rigining natijalari asosida jami 36 ta jarrohlik amaliyotini o‘tkazish rejalashtirilgan edi – 33 tasi koxlear implantlarni, 3 tasi esa suyak o‘tkazuvchanligini taʼminlab beruvchi implantlarni o‘rnatish bo‘yicha. 2020-yilning sentabr oyidan noyabr oyigacha 23 nafar bolalar uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi va ularning eshitish qobiliyati tiklandi. 19-20 dekabr kunlari qolgan 13 ta jarrohlik amaliyoti yetakchi otojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Vladislav Yevgenyevich Kuzovkov boshchiligida amalga oshiriladi. Dastur, shuningdek, implantlarning keyingi bosqich sozlanishi hamda bolalarning logopedlar va surdopedagoglar bilan shug‘ullanishini nazarda tutuvchi dastlabki reabilitatsiya bosqichini ham o‘z ichiga oladi.
 
Mazkur yoʼnalishda xalqaro mutaxassislar ishtirokida shifokorlar va ota-onalar uchun onlayn maʼruza va seminarlar oʼtkazildi.
 
2020-yilning 18-dekabr kuni "Zamin" fondi Vasiylik Kengashining raisi Ziroat Mirziyoeva dasturda ishtirok etayotgan 36 nafar bolalar, ularning ota-onalari va shifokorlar bilan uchrashdi. Ishtirokchilar jarrohlik amaliyotining natijalari va taassurotlari bilan oʼrtoqlashdi.

Fondning dasturiga koʼra, kelgusi yilda ham ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʼquvchilari uchun 30 dan ortiq koxlear implantatsiya jarrohlik amaliyotlarini oʼtkazish rejalashtirilgan.
 
Maʼlumot uchun:
 
Koxlear implant – eshitish qobiliyatini yoʼqotganlar uchun atrofdagi tovush va nutqni eshitish imkonini beruvchi elektron qurilmadir. U ikki qismdan iborat: ichki qism jarroh tarafidan kar bemorning quloq ichiga oʼrnatiladi, protsessordan iborat tashqi qism esa bemorning qulogʼiga va/yoki boshiga joylashtiriladi. Bu qurilma tovush, nutqni qabul qilib oladi va ularni bosh terisi orqali eshitish nerviga taʼsir etuvchi ichki qismga uzatadi.
 
Bundan tashqari, eshitish qobiliyatining konduktiv va aralash buzilishi holatida, yaʼni tovush tashqi quloqdan tabiiy ravishda ichki quloqqa oʼta olmasa, suyak oʼtkazuvchanligini taʼminlab beruvchi implantlardan foydalaniladi.