Yangiliklar

BMT vakolatxonasi va “Zamin” fondi tomonidan Jahon bolalar kuniga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkaziladi


BMTning ixtisoslashgan muassasalari «Zamin» xalqaro jamoat Fondining har yili 20-noyabrda nishonlanadigan Jahon bolalar kuniga bagʻishlangan veb-forum oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.


2020-yilning 19-noyabrida xalqaro veb-forum doirasida «Bolalarning taʼlim olish huquqi: pandemiya davridagi dolzarblik, bardavomlik va innovatsiyalar»mavzusida COVID-19 pandemiyasi sharoitida sifatli taʼlimdan foydalanish va uni qamrab olish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. 


Tadbir ishtirokchilari oldiga muqobil taʼlim dasturlarini joriy etishning dolzarbligi va imkoniyatlarini baholash vazifasi qoʻyilgan.


BMT Bosh kotibining birinchi oʻrinbosari Amina Mohammad sessiya ishtirokchilari oldida nutq soʻzlaydi. Forumning yalpi majlisidagi xorijiy ishtirokchilar qatorida BMT Bosh kotibining oʻrinbosari Tatyana Valovaya, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Natalya German va YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Afshan Xan ham bor.


Tadbir video-konferensiya formatida oʻtkazilib, unda BMTning boshqa institutlari rahbarlari, xorijiy ekspertlar, shuningdek xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, yoshlar tuzilmalari va Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etishadi.


Forum natijalariga koʻra yakuniy rezolyutsiya qabul qilinadi. Tadbir haqida batafsil ma’lumot www.childforum.uz rasmiy veb-saytida.

 

Maʼlumot uchun


Bolalarning farovonligini taʻminlash faoliyatiga bagʻishlangan Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni 1954-yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan eʻlon qilingan.


1959-yil 20-noyabrda BMT Bosh assambleyasi tomonidan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani, 1989-yilda esa Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qabul qilindi. 1990-yildan boshlab, Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni bilan bir qatorda ushbu taʻsis hujjatlar qabul qilingan kun ham nishonlanadi.


Inson huquqlari toʻgʻrisidagi eng muhim shartnoma boʻlgan Konvensiya bolalar huquqlari toʻplamini, shu jumladan yashash, sogʻliq, taʼlim olish, dam olish va boʻsh vaqt oʻtkazish, ota-ona qaramogʻida boʻlish, fikr bildirish hamda zoʻravonlik va kamsitishlardan himoya qilinish huquqlarini oʻz ichiga oladi.


Ushbu muhim kunning BMTga aʼzo davlatlar tomonidan nishonlanishi, muloqot va faol harakatlar orqali dunyoda bola huquqlarini himoya qilish hamda bolalar uchun qulay muhitni rivojlantirish masalasiga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish imkoniyatini beradi.