Yangiliklar

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni muborak bo‘lsin!

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni muborak bo‘lsin!

Aziz bolajonlar!

Sizlarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan tabriklayman! O‘zbekistonimizning har bir o‘g‘il-qizi tinch-osuda yurtda, ota-onasi bag‘rida, jismu joni salomat bo‘lib ulg‘ayishini tilayman.

1 iyun sanasini bayram qilib nishonlashga o‘rganganmiz. Ammo odatda bolajonlarning quvnoq ovozlari, beg‘ubor kulgulariga to‘la saylgohlar, teatr va konsert zallari bugun huvillab qolgan. Deyarli barcha davlatlarda holat shunday, dunyo bolalari kattalar qatori asosiy vaqtini uyda o‘tkazishga majbur. Ayni o‘ynab, harakat qiladigan yoshda bu oson emas, albatta. Biroq vaziyat shuni taqozo etmoqda.

O‘g‘il-qizlarim.

Tashqi olam bilan bog‘lanish imkoni cheklangan bo‘lsa-da, sizning imkoniyatingiz cheklanmagan! Uyda ham badiiy asar mutolaa qilib, orzu-o‘ylaringizni tasvir yoki musiqada ifodalab, qo‘shimcha fanlar, xorijiy tillar, shuningdek, ona Zaminimizni o‘rganishingiz, internet orqali bilim va tafakkuringizni kengaytirishingiz mumkin.

Afsuski, ayrim insonlarning jismoniy imkoniyatlari boshqalarnikidan bir oz farq qiladi. “Zamin” fondi Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun taʼlimni rivojlantirish dasturini taqdim etmoqda. Loyiha doirasida maxsus maktablarni zamonaviy yordamchi uskunalar bilan jihozlash, o‘qitish usullarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Eng asosiysi, muntazam ravishda jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan o‘quvchilarning eshitish qobiliyatini tiklash ustida ish olib boriladi. Bu degani, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan bolalar xuddi sizga o‘xshab mehribon onajonisi, g‘amxo‘r otasining ovozlarini, atrof-borliqdagi tovushlarni, musiqa ohanglarini eshita oladi, to‘laqonli hayot kechiradi!

“Zamin” fondi, jismoniy holatidan qatʼi nazar, barcha bolajonlarga quvonch ulashishga tayyor. Zero, siz ko‘zimiz quvonchi, bizning ertamiz va hayotimiz mazmunisiz!

"Zamin" fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva